XALQARO ANJUMAN

   Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20 apreldagi “Oliy taʼlim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2909-son va 2017 yil 27 iyuldagi “Oliy maʼlumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishda iqtisodiyot sohalari va tarmoqlari ishtirokini yanada kengashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 3151-son qarorlari ijrosini taʼminlash, ilgʻor xorijiy tajribani oʻrgangan holda taʼlim jarayoniga oʻqitishning innovatsion, zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, pedagog kadrlarning ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyati natijalarini inobatga olgan holda tabaqalashtirilgan uzluksiz malaka oshirish jarayonlarini takomillashtirish, malaka oshirishning muqobil shakllarini amaliyotga joriy etish borasida Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
   Bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishda Yevropa Komissiyasi Erasmus+ dasturining “Oʻzbekistonda oliy taʼlim tizimida taʼlim jarayonlarini modernizatsiyalash va internatsionalizatsiyalash” (IMEP) loyihasi oʻzining ijobiy natijalarini bermoqda.
“Oʻzbekistonda oliy taʼlim tizimida taʼlim jarayonlarini modernizatsiyalash va internatsionalizatsiyalash” loyihasi (IMEP) Oʻzbekistondagi 5 ta OTM, Oʻzbekistondagi Britaniya Kengashi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi Bosh ilmiy-metodik markaz, shuningdek Rezekne texnologiya akademiyasi (Latviya), London Metropolitan Universiteti (Buyuk Britaniya), Peloponnes Universiteti (Gretsiya) bilan hamkorlikda amalga oshirilgan.
Mazkur loyiha Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalarining turli ehtiyojlari va oʻziga xos talablarini aks ettirgan holda oliy taʼlim jarayonlarini modernizatsiya qilish, malaka oshirish, sifatni taʼminlash, talabalar va ish beruvchilarni taʼlim jarayonlariga jalb qilish masalalarini qamrab olgan.
Anjumandan koʻzlangan maqsad ham aynan loyiha doirasida erishilgan mazkur natijalarni baholash va ommalashtirishga qaratiladi.
Anjumanda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri oʻrinbosari U.Begimkulov, loyihaning Oʻzbekistondagi hamkorlari boʻlgan oliy taʼlim muassasalari, ommaviy axborot vositalarining vakillari, Oʻzbekistondagi Yevropa delegatsiyasining boshligʻi Eduards Stiprays, Rezekne texnologiya akademiyasi rektori Edmunds Teyrumniyeks, Oʻzbekistondagi Erasmus+ milliy ofisi, Oʻzbekistondagi Britaniya Kengashi mutaxassislari, shuningdek professor Velta Lyubkina (Latviya), London Metropolitan Universiteti professorlari Aleks Kruglov, Jon Gabriyel (Buyuk Britaniya), xorijlik talabalar ishtirok etadilar.
Anjuman davomida ishtirokchilar tomonidan loyiha natijalari asosida Oʻzbekiston rivojlanishining ustuvor yoʻnalishlariga muvofiq ishlab chiqilgan malaka oshirish dasturlarini takomillashtirish, oliy taʼlim muassasalari pedagog kadrlarining uzluksiz malakasini oshirishda samarali yondashuvni yaratish, talabalar va ish beruvchilarni taʼlim sifatini taʼminlash jarayonlariga jalb etish, oliy taʼlim muassasalarida taʼlim sifatini baholash va nazorat qilish boʻyicha tavsiyalar xususidagi maʼruzalari, fikr-mulohazalari, shuningdek loyihaning natijalari toʻplami taqdimoti boʻlib oʻtadi.
Shu bilan birga, anjuman davomida xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirish boʻyicha istiqbol vazifalar muhokama qilinadi.
скачать dle 12.1

ORQAGA QAYTISH

© 2018