Bosh sahifa Abiturientlarga To'lov-kontrakt bo'yicha belgilangan kvotadan tashqari qo'shimcha ravishda o'qishga qabul qilish

To'lov-kontrakt bo'yicha belgilangan kvotadan tashqari qo'shimcha ravishda o'qishga qabul qilish

Печать

To‘lov-kontrakt bo‘yicha belgilangan kvotadan tashqari qo‘shimcha ravishda o‘qishga qabul qilish

Oliy ta’lim muassasalarining takliflariga muvofiq, ularning imkoniyatlari, tanlov va to‘plangan ballar miqdoridan kelib chiqib, Davlat komissiyasi qarori asosida abiturientlar to‘lov-kontrakt bo‘yicha belgilangan kvotadan tashqari qo‘shimcha ravishda o‘qishga qabul qilinishi (keyingi o‘rinlarda qo‘shimcha qabul deb ataladi) mumkin.
Qo‘shimcha qabulni amalga oshirish takliflari oliy ta’lim muassasalari tomonidan bo‘ysunuvi bo‘yicha vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda 15 oktyabrga qadar Davlat komissiyasiga kiritiladi.
Davlat komissiyasi oliy ta’lim muassasalarining imkoniyati, tanlov va to‘plangan ballar miqdoridan kelib chiqib, oshirilgan to‘lov-kontrakt sharti bilan abiturientlarni qo‘shimcha qabul qilish ko‘rsatkichlari yuzasidan 20 oktyabrga qadar qaror qabul qiladi.
Bunda:
ballar ketma ketligi bo‘yicha ro‘yxatdagi oldingi abiturient qo‘shimcha to‘lov-kontrakt asosida o‘qishni arizasi bilan rad etgan holda yoki test sinovi natijalari e’lon qilingan kunidan boshlab bir oy muddatda ariza bermaganda ro‘yxatdagi keyingi abiturient qo‘shimcha to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etiladi;
qo‘shimcha to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish oliy ta’lim muassasasining bo‘ysunuvi bo‘yicha vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holdagi takliflariga (qabul ko‘rsatkichlari bo‘yicha) binoan Davlat komissiyasi qarori asosida oliy ta’lim muassasalarining imkoniyati inobatga olinib amalga oshiriladi.
Oliy ta’lim muassasalari qo‘shimcha qabulni Davlat komissiyasi qarori bilan belgilangan ko‘rsatkichlarga muvofiq to‘plagan ballari eng yuqori ballning 30 % (68,0 ball)dan kam bo‘lmagan va asosiy qabul chegaralariga 4 ballgacha etmagan abiturientlar orasidan ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya qilingan holda amalga oshiradilar.
Oshirilgan to‘lov-kontrakt miqdori amalda o‘rnatilgan to‘lov-kontrakt miqdoriga nisbatan quyidagi miqdorlarda belgilanadi:
to‘plagan ballari tasdiqlangan to‘lov-kontrakt bo‘yicha qabul kvotalari chegarasiga bir ballgacha etmagan abiturientlar uchun — 1,5 barobar;
1,1 balldan 2 ballgacha etmaganlar uchun — 2,0 barobar;
2,1 balldan 3 ballgacha etmaganlar uchun — 2,5 barobar;
3,1 balldan 4 ballgacha etmaganlar uchun — 3,0 barobar.
Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan muddatlarda ushbu miqdorlar bo‘yicha to‘lov-kontrakt shartlari birinchi o‘quv yili uchun to‘liq bajarilgandan so‘ng abiturient oliy ta’lim muassasasi rektorining buyrug‘i bilan o‘qishga qabul qilinadi.
Kirish sinovlarida to‘plagan natijalari eng yuqori ballning 30% (68,0 ball)dan kam bo‘lmagan, asosiy kvotalar doirasida va Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan qo‘shimcha o‘rinlarga qabul qilinmay qolgan va o‘qish istagini bildirgan abiturientlarga birinchi o‘quv yiliga amalda o‘rnatilgan to‘lov-kontrakt miqdoriga nisbatan 10 barobardan ortiq oshirilgan to‘lov-kontrakt miqdorida to‘lov to‘lash sharti bilan o‘qishga kirish huquqi beriladi va ushbu abiturient Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan muddatlarda to‘lov-kontrakt shartlarini bajargandan so‘ng, oliy ta’lim muassasasi rahbarining buyrug‘i bilan o‘qishga qabul qilinadi.
Bunda, birinchi o‘quv yili uchun to‘lov-kontrakt miqdori ta’lim yo‘nalishi xususiyatidan kelib chiqib, Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi.
Oliy ta’lim muassasalari qo‘shimcha oshirilgan to‘lov-kontrakt asosida qabul qilingan abiturientlar haqida ma’lumotni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Davlat test markaziga 1 noyabrga qadar taqdim etadilar.
Oliy ta’lim muassasalariga to‘lov-kontrakt bo‘yicha belgilangan kvotadan tashqari qo‘shimcha ravishda o‘qishga qabul qilishni tashkil etish mazkur Nizomga (Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida) 4-ilovaga muvofiq sxema bo‘yicha amalga oshiriladi.
Respublika oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha qabul qilingan talabalar birinchi o‘quv yilini tugatgandan so‘ng keyingi o‘quv yilidan boshlab amalda o‘rnatilgan bazaviy to‘lov-kontrakt miqdori asosida o‘qishini davom ettiradilar.