Bosh sahifa Xujjatlar Respublika oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

Respublika oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

Печать

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-apreldagi “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2909-sonli qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 2018-yil 1-sentabrdan boshlab bazaviy lavozim maoshlari miqdorlarini tabaqalashtirilgan holda:
oliy ta’lim muassasalari rahbar xodimlari va professor-o‘qituvchilarining – o‘rtacha 25 foizga va stajer-o‘qituvchi hamda fan doktori ilmiy darajasiga ega professor ish haqining miqdorlari o‘rtasidagi tafovutni ikki baravargacha oshirish;
ilmiy-tadqiqot muassasalarining fundamental, amaliy tadqiqotlar ilmiy-texnik dasturlarini amalga oshirish va innovatsiya ishlarida ishtirok etayotgan ilmiy xodimlarining – o‘rtacha 25 foizga va stajyor-tadqiqotchi hamda fan doktori ilmiy darajasiga va professor ilmiy unvoniga ega bosh ilmiy xodim ish haqining miqdorlari o‘rtasidagi tafovutni ikki baravargacha oshirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

2. Belgilab qo‘yilsinki, 2018-yil 1-sentabrdan boshlab:
bazaviy doktoranturada ta’lim olayotgan shaxslarga – ilmiy unvon yoki ilmiy darajaga ega bo‘lmagan (2 yilgacha ilmiy faoliyat tajribasiga ega bo‘lgan) kichik ilmiy xodimning lavozim maoshi bazaviy miqdorlariga tenglashtirilgan stipendiyalar;
doktoranturada ta’lim olayotgan shaxslarga – fan nomzodi (yoki falsafa doktori (PhD) darajasiga va xorijiy davlatlarning tegishli mutaxassislik bo‘yicha unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga) ilmiy darajasiga yoki ilmiy unvonga ega bo‘lgan yetakchi ilmiy xodimning lavozim maoshi bazaviy miqdorlariga tenglashtirilgan stipendiyalar to‘lanadi.

3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2018-yil 1-iyulgacha:
oliy ta’lim muassasalarining rahbar xodimlari va professor-o‘qituvchilari, shuningdek, boshqa xodimlari mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha bazaviy lavozim maoshlarini;
ilmiy-tadqiqot muassasalarining fundamental, amaliy tadqiqotlar ilmiy-texnik dasturlari loyihalarini amalga oshirish va innovatsiya ishlarida ishtirok etayotgan ilmiy hamda rahbar xodimlarning bazaviy lavozim maoshlarini ushbu qaror talablaridan kelib chiqqan holda byudjet mablag‘lari hisobidan qayta ko‘rib chiqsin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Fanlar akademiyasi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ushbu qarorda belgilangan tadbirlarni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlarni o‘z vaqtida moliyalashtirilishini ta’minlasin.

5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – moliya vaziri J.A.Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti     Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2018-yil 5-aprel                                                                                                                            http://www.uza.uz/uz/documents/

MA'LUMOTLAR MARKAZI

Call center:
+99871 253 36 66
+99895 145 27 81