Oliy ta’lim muassasalarida o‘qishga qabulni sifatli tashkil etish maqsadida oliy ta’lim muassasalarida qabul komissiyalari tashkil etiladi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, tassarufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar tomonidan belgilangan tartibda qabul komissiyasi raisi, uning o‘rinbosari va qabul komissiyasi kotiblari tayinlanadi. Bunda oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori) lavozim bo‘yicha qabul komissiyasiga raislik qiladi.
Qabul komissiyalari a’zolarining vazifalari qabul komissiyasi raisi tomonidan belgilanadi.
Abituriyentlarning o‘qishga qabul qilish haqidagi arizalari oliy ta’lim muassasalari qabul komissiyalari tomonidan 15 iyundan 15 iyulgacha (shu kuni ham), O‘zbekiston davlat konservatoriyasi uchun 15 iyundan 10 iyulgacha qabul qilinadi.
Abituriyent oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

  • ta’lim yo‘nalishi, o‘quv tili, shakli ko‘rsatilgan holdagi ariza (arizada oliy ta’lim muassasasini tugatganligi yoki oliy ma’lumoti yo‘qligi, qaysi chet tilidan test topshirishi, harbiy tavsiyanomaga ega bo‘lganlar uning raqamini va tanlangan ikkinchi oliy ta’lim muassasasi, ta’lim yo‘nalishini ko‘rsatishlari hamda test sinovlarini o‘tkazish qoidalari va javoblar varaqalarini to‘g‘ri to‘ldirish bilan tanishganligi ko‘rsatiladi);
  • umumiy o‘rta ta’lim (11-sinf negizida) yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasini tugatganligi haqidagi hujjatning asl nusxasi;
  • 086-U-shakl bo‘yicha tibbiy ma’lumotnoma;
  • pasport (pasport yoshiga yetmaganlar uchun tug‘ilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma)ning nusxasi;
  • 3.5 x 4.5 sm hajmdagi 6 dona rangli fotosurat;
  • maxsus sirtqi bo‘lim abituriyentlari uchun mehnat daftarchasidan belgilangan tartibda tasdiqlangan ko‘chirma va ishlab turgan sohadan tavsiyanoma.
   To‘liq davlat ta’minotidagi yetim bolalar va I guruh ko‘zi ojiz nogironlar ushbu holatni tasdiqlovchi hujjatlarni topshiradilar.
To‘liq davlat ta’minotidagi yetim bolalar toifasiga “Mehribonlik uylari”da yashab ta’lim olgan, 18 yoshga to‘lmagan, otasi ham, onasi ham vafot etgan yoki sud qaroriga binoan vafot etgan deb e’lon qilingan bolalar kiradi.
Ariza shakli Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
Tanlovdan tashqari o‘qishga kirish huquqiga ega bo‘lgan xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlar va musobaqalar g‘oliblari asl nusxadagi tasdiqlovchi hujjatlarni topshiradilar.
Abituriyent arizasida “o‘zim haqimda quyidagilarni ma’lum qilaman” grafasiga hujjatlar bilan tasdiqlovchi holatlar (bolalikdan I va II guruh nogironlari, yetim, “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilari va boquvchisi yo‘q) qayd etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan fuqarolar harbiy qism qo‘mondonligining tegishli tavsiyanomasining aslini yuqorida ko‘rsatilgan hujjatlar bilan birgalikda taqdim etadilar.
Harbiy qism tavsiyanomasining shakli va uni berish tartibi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan belgilanadi.
Abituriyent tomonidan pasport (pasport yoshiga yetmaganlar tug‘ilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma) hamda harbiy xizmatga aloqadorligi haqidagi hujjat qabul komissiyasiga shaxsan ko‘rsatiladi.
Harbiy qismlar qo‘mondonligi tavsiyanomalari ular berilgan kundan hamda muddatli harbiy xizmatni tugatgan davridan boshlab, uch yil mobaynida haqiqiy hisoblanadi (oliy ta’lim muassasasiga talabalikka qabul qilinganligi to‘g‘risidagi rasmiy buyruq bo‘lsa, imtiyozdan takroran foydalanish mumkin emas).
Ko‘rsatib o‘tilgan hujjatlar mavjud bo‘lganda oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi abituriyentning hujjatlarini qabul qilishni rad etishga haqli emas.
Hujjatlar qabul qilishning belgilangan muddatlari tugagandan so‘ng hujjatlarga qo‘shimchalar va o‘zgartirishlar kiritish qat’iyan man qilinadi.
Abituriyent tomonidan topshirilgan hujjatlarning qalbakiligi aniqlansa, u holda abituriyent test sinovlaridan (oliy ta’lim muassasasidan) chetlashtiriladi hamda hujjatlari o‘rnatilgan tartibda huquqni muhofaza qilish organlariga yuboriladi.
Oliy ta’lim muassasalari qabul komissiyalari 20 iyulgacha bo‘lgan muddatda Davlat test markazi orqali Davlat komissiyasiga ta’lim yo‘nalishi, o‘quv shakli va tili ko‘rsatilgan holda, abituriyentlarning soni haqida belgilangan shakldagi ma’lumotni imtiyozga ega bo‘lganlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan qo‘shib taqdim etadilar.
фильмы бесплатно





YOPISH