BAKALAVRIATGA QABUL

Oliy ta'lim muassasalariga o'qishga qabul qilish, talabalar o'qishini ko'chirish, qayta tiklash va o'qishdan chetlashtirish tartibi to'g'risidagi nizomlarni tasdiqlash to'g'risidagi O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-iyundagi 393-son qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.
1. Ushbu Nizom “Ta’lim to‘g‘risida” va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni o‘qishga qabul qilish tartibini belgilaydi.
Ushbu Nizom harbiy ta’lim muassasalariga tatbiq etilmaydi.
2. Oliy ta’lim muassasalari qabulni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan davlat grantlari va to‘lov-kontrakt asosida qabul kvotalariga muvofiq amalga oshiradilar.
3. Oliy ta’lim muassasalariga talabalarni qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi (keyingi o‘rinlarda Davlat komissiyasi deb ataladi) tomonidan test sinovlari natijalariga ko‘ra to‘plangan ballarning reyting tizimi bo‘yicha amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan to‘lov-kontrakt asosida qabul kvotalari doirasida hamda qabul kvotalaridan tashqari abituriyentlarni o‘qishga qabul qilish Davlat komissiyasi tomonidan mazkur Nizomda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Oliy ta’lim muassasalariga qabul barcha uchun (ham grantlar, ham to‘lov-kontrakt bo‘yicha) teng huquqlilik, yagona qabul qoidalari va yagona tanlov asosida amalga oshirilib, test sinovlarida eng yuqori ball to‘plagan abituriyentlarning davlat grantlari bo‘yicha birinchi navbatda qabul qilinish huquqi ta’minlanadi. Qolgan abituriyentlar test ballari reytingi asosida belgilangan to‘lov-kontrakt kvotalari doirasida qabul qilinish huquqiga egadirlar.
Tanlov har bir oliy ta’lim muassasasi bo‘yicha ta’lim yo‘nalishlari, o‘qitish tillari va shakllariga ko‘ra alohida o‘tkaziladi. Ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha hududlar kesimida maqsadli qabul kvotalari tasdiqlangan taqdirda, tanlov har bir hudud bo‘yicha alohida o‘tkaziladi. Maqsadli qabul tanlovida qatnashib davlat granti asosida qabul qilinmagan abituriyentlar mazkur ta’lim yo‘nalishida to‘plagan test ballari bilan umumiy to‘lov-kontrakt doirasidagi tanlovda ishtirok etadi.
Test sinovlarini o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi (keyingi o‘rinlarda Davlat test markazi deb ataladi) tomonidan amalga
oshiriladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda oliy ta’lim muassasalari rektorlari joylarda test sinovlarini o‘tkazish uchun zarur sharoitlarni ta’minlaydilar.
4. Test sinovlari uch tilda — o‘zbek, rus, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidagi oliy ta’lim muassasalarida qoraqalpoq tillarida o‘tkaziladi.
Oliy ta’lim muassasasida ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qitish tili, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan qabul kvotalari doirasida hujjatlar qabul qilinishiga qadar vazirliklar va idoralar tomonidan belgilanadi va Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
Abituriyent test sinovlarini va kasbiy (ijodiy) imtihonni oliy ta’lim muassasasida o‘qiydigan tilda topshiradi. Bunda o‘zbek guruhlariga hujjat topshirgan abituriyent o‘z arizasiga asosan test sinovlarini o‘zbek tilida lotin yoki kirill alifbosida topshirish huquqiga ega.
O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati va test bo‘yicha ularga muvofiq keluvchi fanlar majmuasi Davlat test markazi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi va Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
Abituriyent chet tillar sifatida ingliz, nemis, fransuz tillaridan biri bo‘yicha test sinovi topshiradi. Abituriyent o‘qigan chet tilidan qat’i nazar, xohlagan (ingliz, nemis, fransuz) chet tilidan test topshirishi mumkin.
Agar umumiy o‘rta ta’lim (11-sinf negizida), o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasida ingliz, nemis yoki fransuz tillari o‘tilmasdan boshqa chet tillari o‘qitilgan holda, shu chet tilidan test sinovi o‘rniga ko‘p balli tizim bo‘yicha imtihon topshiriladi.
Oliy ta’limning ayrim yo‘nalishlari bo‘yicha test sinovlari bilan bir qatorda qo‘shimcha kasbiy (ijodiy) imtihonlar o‘tkaziladi. Kasbiy (ijodiy) imtihonlar o‘tkaziladigan ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar takliflari asosida Davlat test markazi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi va Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
5. Ayrim ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qitish tojik, qozoq, turkman va qirg‘iz tillarida olib boriladigan ta’lim yo‘nalishlariga qabul ko‘p balli tizim bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar va test sinovlari asosida amalga oshiriladi. Kasbiy (ijodiy) imtihonlar o‘tkaziladigan ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati Davlat test markazi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi va Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
Ushbu ta’lim yo‘nalishlariga arizalar ko‘rsatilgan tillarda o‘rta ta’lim muassasasini tugatgan abituriyentlar yoki ko‘rsatilgan tillarda umumiy o‘rta ta’lim muassasasini tugatib, akademik litsey (kasb-hunar kolleji) diplomiga ega bo‘lgan abituriyentlardan qabul qilinadi. Kasbiy (ijodiy) imtihonlar, ko‘p balli imtihon baholari va Davlat komissiyasi tasdiqlagan test sinovlari natijalarining umumiy yig‘indisi shaxsan oliy ta’lim muassasasi rektori tomonidan tasdiqlanadi.
6. Umumiy o‘rta ta’lim (11-sinf negizida), o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalarida ispan, arab, fors, dari, hind, urdu, xitoy, koreys, uyg‘ur, italyan, yapon tilini (ingliz, nemis va fransuz tillari o‘qitilmagan holda) chet tili sifatida o‘qigan abituriyentlar mazkur tildan ko‘p balli baho tizimi bo‘yicha imtihon topshiradilar, qolgan fanlar bo‘yicha esa test sinovlaridan o‘tadilar.
Umumiy o‘rta ta’lim (11-sinf negizida), o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalarida ispan, arab, fors, dari, hind, urdu, xitoy, koreys, uyg‘ur, italyan, yapon tili bilan birgalikda ingliz, nemis va fransuz tillari ham o‘qitilgan holda (ushbu fanlar abituriyent diplomi ilovasida (attestatida) mavjud bo‘lganda) abituriyent arizasiga asosan u chet tilini test shaklida yoki ispan, arab, fors, dari, hind, urdu, xitoy, koreys, uyg‘ur, italyan, yapon tilidan ko‘p balli baho tizimi bo‘yicha imtihon topshiradi.
Mazkur qoida roman-german filologiyasi (ingliz, nemis va fransuz filologiyasi) yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishga kiradigan abituriyentlarga nisbatan qo‘llanilmaydi.
Kasbiy (ijodiy) imtihon topshiriladigan ispan, arab, fors, dari, hind, urdu, xitoy, koreys, uyg‘ur, italyan, yapon tili bo‘yicha fan dasturi va baholash mezonlari ushbu tillar o‘qitiladigan
tayanch oliy ta’lim muassasalari tomonidan ishlab chiqilib, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi va joriy etiladi.
7. Oliy ta’lim muassasalarida kasbiy (ijodiy) va ko‘p balli imtihonlarni o‘tkazish 1 va 2-ilovalarda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
8. Oliy ta’lim muassasalariga ko‘zi ojiz abituriyentlarni o‘qishga qabul qilish 3-ilovada belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
9. Respublika tibbiyot oliy ta’lim muassasalarida tashkil etilgan 3 yillik “Oliy hamshiralik ishi” ta’lim yo‘nalishiga qabul faqat o‘rta maxsus, kasb-hunar tibbiy ma’lumot (hamshiralik, akusherlik ishi va feldsherlik) negizida amalga oshiriladi. Mazkur yo‘nalish bo‘yicha test sinovlari bilan bir qatorda qo‘shimcha kasbiy (ijodiy) imtihonlar o‘tkaziladi.
10. Oliy ta’lim muassasalari tarkibida tashkil etilgan maxsus sirtqi bo‘limning ta’lim yo‘nalishlariga qabul faqat tegishli yoki turdosh ta’lim yo‘nalishiga muvofiq o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotiga hamda kamida uch yil amaliy ish stajiga ega bo‘lgan, ishlab turgan sohadan tavsiyanoma berilgan kadrlar hisobidan amalga oshiriladi.
Oliy ta’lim muassasalari tarkibida hududlar kesimida maqsadli qabul kvotalari tasdiqlangan ta’lim yo‘nalishlariga qabul faqat tegishli hududda yashayotgan va hududning o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari tomonidan berilgan diplomga ega bo‘lgan abituriyentlar hisobidan amalga oshiriladi.
фильмы бесплатно





YOPISH