ADIBLARIMIZNING IBRATLI HAYOT YO‘LLARI!

ADIBLARIMIZNING IBRATLI HAYOT YO‘LLARI!

Adiblar xiyobonida qad rostlagan buyuk siymolarning haykallari atrofida ilm ahli yana jam bo‘lishdi. Oliy o‘quv yurtlari tomonidan tashkil etilgan navbatdagi tadbirda ham adiblarimizning ibratli hayot yo‘llari yana bir bor yodga olindi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Joriy yilning 25-sentabr kuni Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti tomonidan O‘zbek adabiyotining zabardast vakili, go‘zal axloq sohibi, ulkan va nozik qalb egasi Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybek hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.  

Oybek o‘z hayot yo‘li va ijodi bilan avlodlarga namuna bo‘lishga arziydigan siymodir. Oybek nazm va nasrda bir xilda barakali ijod qilgan. Uning ijodi haqida ulug‘ shoirimiz Hamid Olimjon shunday degan: “Oybek prozada shoir-u, poeziyada prozaikdir”. Darhaqiqat, uning she’rlarida romanga sig‘adigan fikrlar bo‘lsa, nasriy asarlari xuddi she’rday yengil o‘qiladi. Uning ijodini shartli ravishda uchga bo‘lamiz:She’rlar, tarixiy asarlar va  zamondoshlari haqidagi asarlar. Asarlarining hammasida Oybek inson tuyg‘ularini, dardini birinchi o‘ringa qo‘ydi. Aynan, mana shu sifat Oybek asarlarini kitobxon qalbiga kirib borishini ta’minladi. Inson haqidagi, san’atkor haqidagi fikr unga qanday masofadan turib yondashayotganimizga bog‘liq. Masofa qanchalik uzaysa, fikr shunchalik odilona, haqqoniy bo‘ladi.

Ulkan so‘z ustasi, adibning zamondoshi, do‘sti Abdulla Qahhor Oybek haqida shunday degan edi: “Talant qanchalik katta, qanchalik qudratli bo‘lmasin, har nechuk, yuzada bo‘lmaydi, konga o‘xshash yerning qa’rida bo‘ladi. Bu kon- talantni qazib olish uchun avvalo katta aql, undan keyin katta bilim, matonat, kuch-g‘ayrat, buning ustiga dard bo‘lishi kerak. Katta talant egasi Oybekda mana shu xislatlarning hammasi mavjud. Oybek mana shu xislatlari bilan xalqimiz ma’naviy xazinasiga katta boylik qo‘shdi”.

Oybek nafaqat ulkan adib va mohir tarjimon , balki haqiqiy do‘st, kuyunchak ustoz, sadoqatli umr yo‘ldosh sifatida bizga ma’lum. Shoir she’rlarida go‘zallik, nafosat barq urib turadi. 
Quyoshga ko‘tarib bir savat oq gul,
Nafis chayqaladi bir tup na’matak.
Mening nazarimda, adabiyotimiz bog‘ida o‘z asarlarini quyoshga bir savat oq gul tutib turgan xushbo‘y na’matak kabi Oybek domla viqor bilan turibdi. Zero, adib o‘zi aytganidek:
Bulutday kezsa xalq ichidan shoir,
Xotirasi quyosh kabi qoladir.
Hozirgi paytda institut rahbariyati, professor-o‘qituvchilari tomonidan “Oybek muzeyi”ni tashkil qilish va unda dars jarayonini o‘tkazish, amaliy mashg‘ulotlar, ochiq darslar va seminarlarni tashkil qilish, “Adiblar xiyoboni”, “Oybek uy-muzeyi” va institutdagi “Oybek muzeyi”da tashkil etish hamda Oybekning hayoti va ijodini keng miqyosda o‘rganish uchun talabalarga kurs ishi, bitiruv malaka ishlari va magistrlik dissertasiyalari mavzularini berish yuzasidan institutda targ‘ibot ishlari jadal su’ratlarda olib borilmoqda. O‘ylaymizki, boshlagan ish Oybek domla xotirasiga atalgan munosib armug‘on bo‘lsa ajabmas. 
скачать dle 12.1

Boshqa yangiliklar

YOPISH