“ENG KATTA QADAMLAR SARI ODILONA YO‘L” (O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI SHAVKAT MIRZIYOEVNING  2020-YIL 23-SENTYABRDAGI OLIY MINBAR BMTNING 75-ASSAMBLEYASI NUTQIDAN KELIB CHIQQAN HOLDA)

“ENG KATTA QADAMLAR SARI ODILONA YO‘L” (O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI SHAVKAT MIRZIYOEVNING 2020-YIL 23-SENTYABRDAGI OLIY MINBAR BMTNING 75-ASSAMBLEYASI NUTQIDAN KELIB CHIQQAN HOLDA)

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida o‘zbek tilida nutq so‘zladi. Muhtaram Prezidentimiz BMT Bosh assambleyasi sessiyasi tarixida birinchi marta butunlay yangi formatda - koronavirus pandemiyasi tufayli onlayn muloqot rejimida bo‘lib o‘tayotganini qayd etib, quyidagilarni ta’kidlab o‘tdilar: «Bunday global falokat sayyoramizda so‘nggi yuz yilda kuzatilmagan edi. Bu ofat butun insoniyatning zaif jihatlarini yaqqol ko‘rsatdi. Hozirgi tahlikali va murakkab vaziyat yer yuzidagi barcha davlatlar va xalqlar o‘zaro bog‘liq ekanini, o‘rtamizda muntazam muloqot, ishonch va yaqin hamkorlik o‘ta muhimligini isbotladi». 
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev BMT shafeligida Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqishni taklif etdi. Ushbu hujjatda har bir davlatning o‘z fuqarolari va xalqaro hamkorlari oldidagi majburiyatlari aks etishi lozimligi ta’kidlandi. Shuningdek, prezident tashkilot Bosh kotibi Antoniu Guterrishning inqirozli vaziyatda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan sammitni o‘tkazish bo‘yicha taklifini ma’qullashini ta’kidladi.
2017-yilgi 72-assambleyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Yoshlarga oid konvensiyani qabul qilish taklifi bildirilgan bo‘lsa, 75-assambleyada jahon hamjamiyatini Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti konvensiyasini qabul qilish bo‘yicha O‘zbekiston tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.
Shuningdek, O‘zbekistonda yoshlar va ayollarga berilayotgan g‘amxo‘rliklar to‘g‘risida to‘xtalib, quyidagi fikrlarni bildirdilar: «Biz uchun gender tenglik siyosati ustuvor masalaga aylandi. Xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi o‘rni tobora kuchaymoqda. Yangi Parlamentimizda ayol deputatlar soni ikki barobarga ko‘paydi. Inson huquqlari sohasidagi holat ham butunlay o‘zgardi. Majburiy va bolalar mehnati to‘liq tugatildi. Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiya qabul qilindi. BMTning fuqaroligi bo‘lmagan insonlar sonini kamaytirishga qaratilgan chaqirig‘iga javoban shu yilning o‘zida 50 ming yurtdoshimizga O‘zbekiston fuqaroligi berildi».
Ushbu assambleyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini ta’minlashda parlamentlar rolini oshirish to‘g‘risidagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish taklifini berdilar.
Yurtboshimiz Osiyodagi hamkorlik masalalarini ham qayd etib, oxirgi to‘rt yilda O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro savdo hajmi salkam besh barobarga o‘sganini ta’kidladilar, ya’ni bugungi kunda Markaziy Osiyo davlatlari oldida muhim strategik vazifa - mintaqamizning global iqtisodiy, transport va tranzit yo‘laklariga chuqur integratsiyasini ta’minlash masalasi to‘g‘risida alohida to‘xtalib o‘tdilar. Shu munosabat bilan, mamlakat rahbari BMT shafeligida Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochishni taklif etdi.
Bugungi kunda Markaziy Osiyoda xavfsizlikni ta’minlash sohasida ham samarali hamkorlik olib borilayotgani, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Global antiterror strategiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani, ushbu strategiya doirasidagi Mintaqaviy qo‘shma rejaning 10 yillik natijalari va kelgusi istiqbollariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyani o‘tkazish tarafdori ekanimiz ma’lum qilindi. Ma’lumki, mintaqamizning ko‘hna va boy madaniy merosi global ahamiyatga ega. Biz 2021-yilda YUNESKO bilan hamkorlikda qadimiy Xiva shahrida „Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida“ degan mavzuda xalqaro forumni o‘tkazishga tayyorligi bildirildi.
Shavkat Mirziyoev Afg‘onistonni Markaziy Osiyoning ajralmas qismi sifatida qabul qilishini ta’kidladilar.
2018-yil mart oyida o‘tkazilgan Afg‘oniston bo‘yicha oliy darajadagi Toshkent konferensiyasi afg‘on muammosini yechish uchun xalqaro hamjamiyat sa’y-harakatlarini safarbar etishda yangi bosqich bo‘lganli 2020-yilning sentyabr oyida Doha shahrida afg‘on siyosiy kuchlari o‘rtasida boshlangan tinchlik muzokaralarini to‘la qo‘llab-quvvatlashimiz lozimligi uqtiri o‘tildi.  Mintaqada iqtisodiy integratsiya jarayonlariga Afg‘onistonni keng jalb etish maqsadida «Surxon — Puli Xumri» elektr uzatish tarmog‘ini, Mozori Sharifdan Hind okeani portlariga chiqadigan temir yo‘l qurilishi kabi yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga kirishganligimiz ushbu assambleyada alohida ta’kidlab o‘tildi.
Shuningdek, Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlik o‘rnatish masalalari Birlashgan Millatlar Tashkilotining doimiy e’tibor markazida bo‘lib qolishi zarurligi aytib o‘tildi. Faqat birgalikda va yaqin hamkorlik orqali biz afg‘on xalqining ezgu orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarishimiz mumkin. Bu borada «Beqaror va vayronkor vaziyatdan - tinchlik va bunyodkorlik sari» degan tamoyil asosida ish olib borish muhimdir. Shu boisdan Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzurida afg‘on xalqining dard-u tashvishini tinglaydigan, doimiy faoliyat ko‘rsatadigan qo‘mita tashkil etish lozim. Ushbu qo‘mitaning asosiy vazifasi Afg‘onistonning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga ko‘mak berishdan iborat bo‘lishi zarur"ligi alohida ta’kidlab o‘tildi.
Davrimizning o‘tkir muammolaridan yana biri - global iqlim o‘zgarishlaridir. Bugungi kunda har bir mamlakat bu jarayonning salbiy ta’sirini his etmoqda. Ming afsuski, bunday o‘zgarishlar Markaziy Osiyo taraqqiyotiga ham katta xavf tug‘dirmoqda.

75-Assambleyada muhtaram Prezidentimiz tomonidan yana bir muhim muammo - Orol dengizi qurishining halokatli oqibatlariga qaratildi. Orolbo‘yi hududi ekologik fojianing markaziga aylanganligi, mavjud ahvolni yaxshilash uchun bu yerda ikki million gektar yangi o‘simlik maydonlari va daraxtzorlar yaratish, tuproq qatlamini shakllantirish bo‘yicha ulkan ishlarni amalga oshirilayotgani aytib o‘tildi.
Mamlakatimiz tashabbusi bilan Orolbo‘yi mintaqasi uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik trast fondi tuzildi. Ushbu fond og‘ir ekologik hududda yashayotgan aholiga amaliy yordam ko‘rsatish uchun xalqaro hamjamiyatning tayanch platformasi bo‘lib xizmat qiladi. Biz Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb e’lon qilish haqida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining maxsus rezolyusiyasini qabul qilishni taklif etamiz. Ushbu muhim hujjat tasdiqlangan sanani esa Xalqaro ekologik tizimlarni himoya qilish va tiklash kuni sifatida nishonlash maqsadga muvofiq bo‘lishi haqidagi taklifni berdilar.
Jahonning turli nuqtalarida notinchlik saqlanib qolayotgani, ziddiyat va zo‘ravonliklar ortib borayotgani, ekologik ofatlar va boshqa zamonaviy xatarlar qashshoqlik va kambag‘allikning global muammolarini kuchaytirmoqda. Bu muammolar ayniqsa pandemiya sharoitida keskin tus olmoqda. Tobora tashvishli ohang kasb etayotgan qashshoqlikning ovozi butun dunyo hamjamiyatini, barchamizni bezovta qilishi zarur. Shu munosabat bilan qashshoqlikni tugatish va kambag‘allikka qarshi kurashishni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi navbatdagi sessiyasining asosiy mavzularidan biri sifatida belgilash hamda ushbu masalalarga bag‘ishlangan global sammitni o‘tkazish taklifini berib o‘tdilar.
Xulosa sifatida aytish joizki, pandemiya sharoitida o‘tkazilgan BMTning
75-assambleyasida bildirilgan O‘zbekiston Respulibkasi Prezidentining fikrlari eng katta qadamlar sari belgilangan odilona yo‘l deya ta’riflashimiz mumkin. Qat’iy ishonch, fidoiylik, globallashuv jarayonida ko‘tarilgan muammolar va ularni BMT shafeligida hal qilish masalalari har doim o‘z yechimini topib kelgan hamda O‘zbekiston uchun yangi marralarni kashf etadi, degan umiddamiz.
Gularam Masharipova, institut professori
скачать dle 12.1

Boshqa yangiliklar

YOPISH