OYBEK MA’NAVIY MEROSI – ZAMONAVIY YOSHLAR NIGOHIDA!

OYBEK MA’NAVIY MEROSI – ZAMONAVIY YOSHLAR NIGOHIDA!

        Bugungi kunda adiblarimizning hayot yo‘llarini o‘rganish, ularning ijodi, ma’naviy merosini yoshlar ongiga singdirish, tariximiz qanchalar buyuk ekanligini anglash har bir inson oldida turgan ma’suliyatli vazifalardan biri hisoblanadi.

       2020-yilning 20-may kuni yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida barpo etilgan Adiblar xiyoboni majmuasining ziyorati chog‘ida Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutiga millat adabiyoti tarixida munosib o‘rin tutgan Oybek asarlarini o‘rganish va targ‘ib etish, bugunning raqamli texnologiyalari bilan qurollangan yoshlarning ongiga singdirish vazifasini yukladilar. Ushbu topshiriq yuzasidan Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institututi jamoasi o‘z oldiga roman va qissalari, ilmiy-nazariy, siyosiy, publitsistik asarlari, tarjimalari, ajoyib she’rlari, dostonlari, hikoyalari hamda o‘zbek adabiyoti xazinasini boyitgan asarlarini tatqiq etish hamda talaba yoshlar ongiga singdirish vazifasini qo‘ydi. Bu vazifa “Muhim besh tashabbus” ning ham yoshlar o‘rtasida keng ommalashishiga turtki bo‘ldi. Sababi, undagi to‘rtinchi tashabbus hisoblangan kitobxonlikni keng targ‘ib qilish masalasi yuqoriga ko‘tarilib, milliy adabiyotimizning zabardast vakillari hayoti va ijodini chuqur o‘rganishga kirishildi. 
      Har hafta Adiblar xiyoboni majmuasida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilib kelinadi. Ushbu tadbirda ham adibning hayot yo‘llari hamda ijodi to‘g‘risida professor-o‘qituvchilar tomonidan yoshlarga nazariy va amaliy ma’lumotlar berildi. She’rlari ijro qilinib, asarlaridan sahna ko‘rinishi yig‘ilganlar e’tiboriga havola etildi. 

     Institutda Oybek ijodini o‘rganish yuzasidan qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, atoqli adib Muso toshmuhammad o‘gʻli Oybek nomidagi maxsus stipendiya va ko‘krak nishoni ta’sis etilgani ham buning bir isbotidir. Oybek ma’naviy merosi ko‘krak nishoni bilan institutning madaniyat va ma’rifat sohasini rivojlantirish, Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybek hayoti va ijodini chuqur o‘rganish hamda aholi o‘rtasida, shuningdek, dunyo miqyosida keng targ‘ib qilish borasida yuqori natijalarga erishgan institut tayanch doktorantlari, magistrlari va talabalari taqdirlanadi.

      Ma’lumot o‘rnida, 1943-yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasiga haqiqiy a’zo etib saylangan va 1950-yilgacha akademiyada ijtimoiy fanlar bo‘limining raisi lavozimida ishlagan Muso Toshmuhammad O‘g‘li Oybek yuqori malakali filologlar tayyorlashga katta hissa qo‘shgan ustozdir.  U O‘zbekiston xalq yozuvchisi (1965), Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofoti sovrindori unvonlariga sazovor bo‘lgan. Uning asarlari o‘zbek adabiyotining jahonaro shuhratini yanada oshirdi, ustoz mahorati yosh yozuvchilar uchun ijod dorilfununiga aylandi. Oybekning o‘lmas asarlari ma’naviy xazinamizdan mustahkam o‘rin oldi va umumxalq mulki bo‘lib qoldi. 
«Navoiy» romani uchun Ittifoq Davlat mukofoti laureati bo‘lgan yozuvchi bir necha orden va medallar bilan taqdirlandi. Davlat rahbari A.Fadeyevdan: «Qani, ayting-chi, Aleksandr Aleksandrovich, «Navoiy» romanining qanday fazilatlari uchun uning muallifiga mukofot bermoqchisiz?» deb so‘ragan va shunda SSSR Yozuvchilar uyushmasining bosh kotibi bunday javob bergan ekan: «Agar Aleksey Tolstoy «Ulug‘ Pyotr» romanida Pyotr siymosi orqali rus xalqining bundan 250 yil avvalgi hayotini badiiy mujassamlantirgan bo‘lsa, Oybek o‘z romanida Navoiy siymosi vositasida o‘zbek xalqining bundan 500 yil avvalgi hayotini shunday mujassamlantirgan». Chindan ham, biz Oybek asarini o‘qir ekanmiz, unda Navoiy siymosi orqali XV asrda Movaraunnahrda yashagan xalq hayotining yorqin manzaralarini ko‘ramiz. Shu ma’noda «Navoiy» romani XV asrdagi o‘zbek xalqi hayotining o‘ziga xos qomusidir.
Oybek Navoiy siymosiga shoir sifatida ilk bor 1937-yil o‘zbek san’atining Moskvadagi o‘nkunligi kunlarida murojaat etdi. 1942-yilning qahraton qishida tugallangan «Navoiy» romani 1944-yilda nashr etilib, rus, latish, litva, eston, chex, fransuz, qozoq, ukrain, uyg‘ur, turkman, xitoy  tillariga tarjima qilindi (Shu vaqtgacha birorta o‘zbek yozuvchisining asari bu qadar ko‘p tillarga tarjima qilinlmagan edi).
Oybek ana shu tarzda, ham navoiyshunos olim, ham shoir, ham romannavis adib sifatida Alisher Navoiyni har bir o‘zbek xonadoniga barhayot siymo sifatida olib kirdi, uning jahon badiiy madaniyatidagi qonuniy o‘rnini tiklab berdi. Oybek adabiyotshunos, tarixchi, adib sifatida o‘zbek fani va madaniyati ravnaqiga qo‘shgan katta xizmatlari uchun 1943-yilda yangi tashkil etilgan O‘zbekiston Fanlar akademiyasigahaqiqiy a’zo etib saylandi.

Stalincha qatag‘onning navbatdagi to‘lqinida 1937-yil dordan bazo‘r omon qolgan Oybek boshiga tuhmat va malomat toshlari yog‘ildi. «Do‘stlar» «Navoiy» romanini titkilab chiqib, undan millatchilik nishonalarini, «O‘zbek poeziyasining antologiyasi»ga yozgan kirish maqolasi va Oybek muharrirlik qilgan «O‘zbek adabiyoti» darsligidan mafkuraviy «xato»larni «topdilar». Adib qardosh yozuvchilar bilan birga Pokistonga borganida o‘sha yerda qolmoqchi bo‘lgan, deb ig‘vo tarqatdilar.Oybekning kundan-kunga ortib borayotgan shuhrati tufayli kimlardir tinchligini yo‘qotgan edi. Ular Oybek atrofiga qo‘yilgan tuzoqlarni intiqlik bilan kuzatibgina qolmay, shu tuzoqqa ilinishi uchun baholi qudrat sa’ay-harakat ham qildilar. Natijada 1951-yil 16-aprel kuni Oybek insult xastaligiga yo‘liqib, tili va o‘ng qo‘lidan hayot asari ketdi. Bu, Oybek ijodining minglab muxlislari uchun fojia edi. O‘zbekiston shu kunlarda Oybek tashvishi bilan yashadi. Kitobxonlar sevimli yozuvchilarining sog‘ayib ketishi uchun turli-tuman tabiblarni, davo usul va vositalarini tavsiya etdilar. Toshkent, Moskva va Pekindagi bir necha yillik davolanishdan so‘ng Oybek yana ijodiy hayotga qaytdi. U o‘z qo‘li bilan yoza olmagani sababli ko‘nglida tug‘ilgan katta-kichik asarlarni vafodor xotini Zarifaxonimga qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, aytib turdi. U shunday yo‘l bilan 1968-yili vafot etguniga qadar «Oltin vodiydan shabadalar» romanini qayta ishladi, chala qolgan «Quyosh qoraymas» romanini tugatdi, «Ulug‘ yo‘l» romani, «Nur qidirib», «Bolalik xotiralarim», «Bola Alisher» qissalari, «Davrim jarohati», «Guli va Navoiy» dostonlari, talaygina she’r va maqolalarini yozdi. 
Ijodga o‘ta tashna adib 1959-yili dilidagi orzu va armonini ifodalab, bunday yozgan edi:
Xastamen… Fikrga, tuyg‘uga to‘lib, 
Oy menga hamqadam – sokin yuramen.
Sog‘aysam bir kuni yozamen to‘yib,
Hislarga qalbimni qo‘shib yozamen…
Kechalar yururmen telbaday horib,
Boshimda oy borur – menga hamqadam.
Xayollar uchadi mash’alday yonib,
To‘yib yozajakmen bir kun sog‘aysam.
Oybekning bu moviy orzusi ro‘yobga chiqmadi. Ammo u xasta holda ham, o‘limni dog‘da qoldirib, umrining so‘nggi nafasiga qadar ona xalqi, adabiyot uchun mardona mehnat qildi. 17 yil davom etgan xastalik davrida shu qadar samarali ijod qilganining o‘zi mislsiz jasoratdir, 20 jildlik adabiy merosi esa ko‘p asrlik o‘zbek adabiyotining eng yuksak cho‘qqilaridan birini zabt etib turibdi. Bu, Oybek cho‘qqisidir.
скачать dle 12.1

Boshqa yangiliklar

YOPISH