KONSTITUTSIYA-DEMOKRATIK HUQUQIY DAVLAT QURISHNING KAFOLATI

KONSTITUTSIYA-DEMOKRATIK HUQUQIY DAVLAT QURISHNING KAFOLATI


   Darhaqiqat, 26 yil – tarix uchun bir lahza xolos. Shu qisqa vaqt mobaynida yurtimiz mustaqil va suveren davlat sifatida shakllanib, jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egalladi. Aytish joizki, mashaqqatli va sharafli yo‘lni eng avvalo Konstitutsiyamiz bilan  bog‘lashimiz bejiz emas.                                                                                      
   Jumladan, 1992 yil 8 dekabrda XII chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining XI sessiyasida qabul qilingan Konstitutsiyamiz mamlakatimizda huquqiy-demokratik davlat qurish va erkin fuqarolik jamiyatini barpo etishning huquqiy poydevori bo‘lib xizmat qilmoqda.                                                                           
   O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining yigirma olti yilligi munosabati bilan  joriy yilning 3 dekabr kuni Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida “Konstitutsiya – demokratik huquqiy davlat qurishning kafolati” mavzuida anjuman tashkil etildi. Unda, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organ rahbarlari, institut rektori hamda talabalari, shuningdek OAV xodimlari, ishtirok etdi.                                      
   Tadbirni institut rektori S.Yunusov ochib berdi va Konstitutsiyamizning qabul qilinganligining yigirma olti yilligi munosabati bilan barcha yig‘ilganlarni tabriklab, hozirda ushbu bayramni keng nishonlash bo‘yicha joylarda ko‘plab uchrashuvlar tashkil qilinayotganligini, konstitutsiyamizning jamiyatdagi muhim o‘rni va demokratik islohotlarning tayanchi ekanligi haqida keng va atroflicha fikr va mulohazalar yuritilishini aytib o‘tdi. Xususan, “Inson huquqi – eng oliy qadriyat” to‘g‘risida anjuman ishtirokchilariga ma’lumot berib o‘tdi. Darhaqiqat, inson huquq va erkinliklarini ta’minlashda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining "Inson huquq va erkinliklarining kafolatlari" deb nomlangan  10-bobi muhim ahamiyatga egadir. Chunki, inson huquq va erkinliklarining hayotdagi ro‘yobi, uni ishonchli amalga oshirilishi murakkab jarayon hisoblanadi. Istiqlolning asl mohiyati – insonni va uning hayotini ulug‘lashdir. Bosh Qomusimizning 13-moddasida O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy qadriyatlarga asoslanishi, inson va uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat ekanligi qat’iy belgilab qo‘yilgan.                                                                                                                          
   Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati A. Umurzakov, Yakkasaroy tumani sudi raisi X. Xayitov, Yakkasaroy tumani sudining sudyasi A. Xoshimxonovlar ishtirok etib, mamlakatimiz istiqlolga erishgach, ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotiga ega demokratik huquqiy davlat qurish va kuchli fuqarolik jamiyatni shakllantirish hayotimizning barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning asosiy maqsadi etib belgilanganligini, bundan 26 yil avval qabul qilingan mamlakatimiz Konstitutsiyasi muhim vazifalarni hayotga tatbiq etishda va oldimizga qo‘ygan maqsad sari og‘ishmay borishda mustahkam asos bo‘lib xizmat qilayotganligini bildirdi.                                                                                      
   Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati A. Umurzakovning “Konstitutsiya – mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va bunyodkorlik ishlarining muhim poydevori” haqidagi fikri ko‘pchilikka manzur bo‘ldi.                        
   Bundan tashqari, Yakkasaroy tumani prokurorining katta yordamchisi S. Saidjonova “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida prokuratura organlarining vakolatlari” haqida ham so‘z yuritib o‘tdi.                                                                       
   Shuningdek, “Konstitutsiya va sud-huquq islohotlari”, “Konstitutsiyaning hayotiy o‘rni”, “Konstitutsiya – taraqqiyotimiz va farovonligimizning muhim huquqiy asosi” va “Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlashda Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudyalarining amalga oshirilgan ishlari” to‘g‘risida ma’ruzalar qilindi.                            
 Uchrashuv davomida tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga ma’ruzachilardan atroflicha javoblar oldi.                                                                                  
  Xulosa sifatida aytish mumkinki, Bosh Qomusimiz – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi dunyoda hech kimdan kam emasligimizni, tenglar ichra tengligimizni, kelajagi buyuk davlat qurishga bel bog‘lagan bag‘ri keng, ko‘p millatli O‘zbekiston fuqarolarining huquq va erkinliklarini kafolatlovchi hujjat sifatida bizning yo‘llarimizni charog‘on etuvchi yulduzdir. Suveren va demokratik davlat qurish yo‘lidan qat’iy borayotgan O‘zbekistonning har bir fuqarosi Konstitutsiya bilan faxrlanadi. 
скачать dle 12.1

Boshqa yangiliklar

ҳ қ

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив
YOPISH